Qoramanas qishlog‘idagi 34-son maktabga Rahmetolla Rayimqulov nomi berildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi hamda Toshkent viloyati hokimining qaroriga muvofiq, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qoramanas qishlog‘ida joylashgan 34-son maktabga taniqli qozoq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon va jamoat arbobi Rahmetolla Rayimqulov nomi berildi.
Rahmetolla Rayimqulov 1913-yil 11-mayda aynan Qoramanas qishlog‘ida tug‘ilgan. U o‘zining sermahsul ijodi, adabiy-tarjimaviy faoliyati hamda o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi madaniy-ma’naviy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi bilan munosib iz qoldirgan.
Adib nomining uning tug‘ilib-o‘sgan maskanidagi ta’lim muassasasiga berilishi — umumiy madaniy merosga hurmat, tarixiy yaqinlik va O‘zbekiston hamda Qozog‘iston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy-gumanitar hamkorlikning yorqin ifodasidir.
2026-yil 2-sentabr kuni Rahmetolla Rayimqulov nomidagi 34-son maktabda yangi o‘quv yilining boshlanishi hamda adib nomini ulug‘lashga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbir doirasida maktab kutubxonasi va Rahmetolla Rayimqulovga bag‘ishlangan memorial burchakning ochilishi ham ko‘zda tutilgan.